Oʻzbekiston TIV rahbari Yangi Zelandiyaning yangi elchisini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 27 Noyabr 2023 1175

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Yangi Zelandiya elchisi Sara Meri Uolshni qabul qildi.

    «Yangi Zelandiyaning Oʻzbekistondagi Elchisi etib tayinlangan Sara Uolsh xonim bilan uchrashish va uning ishonch yorliqlarini qabul qilishdan mamnunmiz, - deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram kanalida. - Samarali hamkorlik uchun innovatsion qishloq xoʻjaligidan tortib yashil energiyagacha boʻlgan koʻplab yangi va istiqbolli yoʻnalishlarni oʻrganish orqali mamlakatlarimiz oʻrtasidagi uzoq masofani qisqartirish yoʻllarini muhokama qildik. Elchi xonimga ikki tomonlama munosabatlarimizdagi ulkan salohiyatni roʻyobga chiqarishga qaratilgan faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz».

    Eslatib oʻtamiz, Sara Meri Uolsh Yangi Zelandiyaning Oʻzbekistondagi elchisi lavozimida ishlagan Yen Aleksandr Xill (qarorgohi Moskva shahrida) oʻrniga tayinlandi.

    Oʻzbekiston va Yangi Zelandiya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 11-martda oʻrnatilgan. 2019-yil 1-fevraldan boshlab Oʻzbekiston Yangi Zelandiya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi. Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida Oʻzbekistonga Yangi Zelandiyadan 736 nafar sayyoh kelgan.