Oʻzbekiston-Tojikiston hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 2 Iyun 2022 1962

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari D.Said bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida investitsiyalar, savdo, energetika, suv xoʻjaligi, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    Ikki mamlakat oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi tobora oʻsib borish tendensiyasi bilan ajralib turishi taʼkidlandi. Jumladan, hozirgi kunda Tojikistonda oʻzbek kapitali ishtirokidagi 64 korxona, Oʻzbekistonda esa 252 Tojikiston kompaniyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Tomonlar amaldagi loyihalarni hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar, shuningdek, yangi istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar.

    Taʼkidlandiki, oʻtgan 5 yil mobaynida oʻzaro savdo hajmi qariyb 3 barobar oʻsdi va joriy yilning dastlabki toʻrt oyida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga oshdi. Tomonlar Oʻzbekiston-Tojikiston tovar aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish yuzasidan yakdil fikr bildirdilar hamda ushbu yoʻnalishda kelgusidagi hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildilar.

    Shu nuqtayi nazardan, chegara zonasida ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, logistika va ulgurji tarqatish infratuzilmasini oʻz ichiga olgan “Oʻzbekiston-Tojikiston” erkin sanoat-savdo zonasini yaratish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    Yangi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini qurish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda energetika va suv resurslari sohasidagi hamkorlik masalalari alohida tartibda koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish boʻyicha vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.