Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Futbol Konfederatsiyasining 35-Kongressi boʻlib oʻtdi. Unda OFK Ijroiya Qoʻmitasining Markaziy Osiyo mintaqasi vakili, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Tadbirda OFK Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa konfederatsiyaga aʼzo milliy va mintaqaviy assotsiatsiyalarni yanada rivojlantirish va Osiyo futbolining kelajagi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
«Biz Osiyo futbolini yanada kuchliroq rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar va oʻzgarishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ushbu yoʻnalishlar va hamkorliklar Osiyo futbolining mustahkam poydevorini yaratishda muhim oʻrin tutadi. Klublar va milliy jamoalar orasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, mintaqaviy musobaqalar orqali futbolni xalqaro maydonda yanada rivojlantirishni rejalashtiryapmiz,» — dedi OFK prezidenti.
Kongress davomida 2031-yilgi Osiyo Kubogi mezbonligi uchun 7 ta nomzodlar tomonidan ariza berilgani taʼkidlandi.
Bular quyidagilar:
- Avstraliya
- Hindiston
- Indoneziya
- Janubiy Koreya
- Kuvayt
- BAA
- Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasi (qoʻshma ariza).
“2031-yilgi Osiyo Kubogi uchun rekord miqdordagi davlatlar ariza berdi, bu Osiyo futbolining global maydondagi ahamiyatini yanada oshiradi,” — deya qoʻshimcha qildi Shayx Salmon.
OFK rahbari, shuningdek, Falastin, Myanma va Tailandda yuz bergan tabiiy ofatlar tufayli jabr koʻrganlarga hamdardlik bildirdi. Kongress davomida, shuningdek, kun tartibidagi boshqa masalalar va tashkilotning hisobotlari tasdiqlandi.