Oʻzbekiston Tojikistondan elektr energiyasi import qilishni boshlagan

    Energetika 20 Yanvar 2023 1362

    Anomal sovuq davrida Surxondaryo viloyatida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida qoʻshni Tojikiston Respublikasidan qoʻshimcha elektr energiyasi yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.

    Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filiali matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, 2023-yil 18-yanvar kuni Shoʻrchi, Oltinsoy, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon tumanlarining 70 foiz, Bandixon, Qiziriq, Sherobod tumanlarining 90 foiz va Boysun tumanidagi elektr energiya isteʼmolchilari Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlari qatori Tojikiston Respublikasining “Regar-500” podstansiyasidan chiquvchi 220kVli L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlari orqali kuchlanish bilan taʼminlandi.

    Viloyatimizning Termiz, Jarqoʻrgʻon tumanlarining 30 foizi, Muzrabot, Angor, Sherobod tumanlarining 10 foizi hamda Termiz shahrining elektr energiya isteʼmolchilari 196 MVt yuklama bilan Oʻzbekiston Respublikasi orqali kuchlanish bilan taʼminlanmoqda.

    Tojikiston Respublikasining “Regar-500” podstansiyasidan chiquvchi 220kVli L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlarining har biridagi simning yuklamani koʻtarish qobiliyati 250 MVtga moʻljallangan boʻlib, L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlarining birortasi favqulotda oʻchib qolish holatlari yuz bergan vaqtlarda energosistemani saqlab qolish maqsadida Shoʻrchi, Oltinsoy, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Boysun, Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlari boʻyicha Janubiy mintaqaviy dispetcherlik boshqarmasi dispetcherlarining topshirigʻi va Surxondaryo hududiy dispetcherlik boʻlimi dispetcherining farmoyishi bilan tumanlarning oʻzidan tasdiqlangan cheklash grafigiga asosan 6-10 kVli fiderlardan soatiga 70-80 MVt dan cheklash olib borish taqazo etiladi.