2014-yilda tashkil etilgan “Sonneg Luxembourg S.A” kompaniyasi ulgurji toʻqimachilik mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan. Kompaniya Yevropada alohida mijozlarga sifatli va arzon toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib beruvchi sifatida nom qozongan. Bugungi kunda kompaniya Lyuksemburg orqali butun Yevropa boʻylab Oʻzbekistondan turli-tuman toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilib kelyapti.
“Sonneg Luxembourg S.A” mamlakatimizning “Uztex Group”, “Elegant”, “Fiber”, “Tmt” korxonalari bilan oʻzaro aloqalar oʻrnatgan holda ularning mahsulotlarini Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Lyuksemburg, Polsha, Chexiya va Italiya bozorlariga yetkazib beryapti.
Diyor Yoqubovning aytishicha, joriy yil boshidan buyon uning kompaniyasi orqali Oʻzbekiston brendi ostidagi tayyor toʻqimachilik mahsulotlari Yevropa bozorlariga qariyb 100 ming dollarga eksport qilindi va yil oxirigacha bu koʻrsatkich sakkiz yuz ming dollarga yetishi kutilyapti.
Tadbirkorning aytishicha, “Yevropa bozorlarida oʻzbek mahsulotlariga xaridor topish muammo emas, eng asosiy masala — Yevropa standartlariga muvofiq yetkazib berishni muntazam ravishda tashkil etishdir”.
Uning taʼkidlashicha, ayrim eksportchilar yevropalik sheriklarining ishonchini yoʻqotmoqda, bunga esa hamkorlikni yoʻlga qoʻyish jarayonida mahsulot sifatiga eʼtiborning kamayayotgani sabab boʻlgan.
Uchrashuv natijasida Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan oʻzbek toʻqimachilari va agrosanoat majmuasi xodimlari uchun oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish, Lyuksemburgda savdo uyi ochish va oʻzbek milliy toʻqimachilik va ipak mahsulotlari koʻrgazmasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.