Oʻzbekiston tadbirkorlarining safarlari Italiyaning Prato shahridan boshlandi. Ular ushbu hududda ishlab chiqarish va savdo faoliyatini yuritib kelayotgan qator kompaniyalar, faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Aytish joizki, mashhur Florensiya shahri yaqinida joylashgan Prato sanoat hududi (5 mingdan ortiq korxonalar) nafaqat Italiyaning, balki dunyo miqyosidagi toʻqimachilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan ishlab chiqarish va savdo markazi hisoblanadi. Prato sanoat hududining yillik eksport hajmi 2,3 milliard yevrodan oshadi.
Mahalliy tadbirkorlar bilan tavsiya etilgan narx va nomenklatura asosida tijoriy takliflar ishlab chiqilib, Italiya bozoriga taqdim etishga kelishildi.
Mamlakatimiz vakillari, shuningdek, Janubiy Italiyaning Apuliya viloyatidagi Martina Franka, Brindizi va Lokorotondo tikuvchilik hududlari korxonalari bilan tanishdilar. Bu yerda 3,7 mingdan ortiq korxonalar joylashgan boʻlib, tayyor mahsulot eksporti hajmi 850 milliondan yevrodan ziyodni tashkil qiladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasini Martina Franka shahri meri Janfranko Palmizano qabul qildi. Mer ikki mamlakat toʻqimachilik va tikuvchilik korxonalari oʻrtasida samarali hamkorlik oʻrnatilishiga umid bildirdi.
Safar davomida Janubiy Italiya korxonalari rahbarlari bilan muzokara oʻtkazildi. Italiya tomonining taʼkidlashicha, Apuliya viloyatining tikuvchilik tarmogʻi mashhur italyan brendlari buyurtmalarini katta hajmda bajarib, ularning yangi kolleksiyalarini ishlab chiqishda har tomonlama koʻmaklashadi. Bu yerdagi korxonalar “Prada”, “MaxMara”, “Versace” va boshqa brendlar uchun yangi mahsulot namunalarini mijozlarning dizayn va sifat talablari asosida ishlab chiqib, sanoat hajmlarida yetkazib beradi.
Mamlakatimizning trikotaj mato, paxta asosidagi kalava ip, maishiy tekstil, tayyor va yarim tayyor mahsulotlari namunalari Italiya tadbirkorlarida katta qiziqish uygʻotdi. Ularning aytishicha, Oʻzbekiston mahsulotlari Apuliyada uncha tanilmagan ekanligiga qaramasdan, bunday mahsulotlar Italiyaning ixtisoslashgan bozorida oʻz talabiga ega.
Italiya korxonalari vakillarining Oʻzbekistonga missiyasini tashkil etish, safar davomida respublika korxonalarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishish hamda oʻzbek mahsulotlarini Italiyada distribyutorlik asosida savdosini tashkil qilishga kelishildi.
Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining Yevropa mamlakatlariga biznes-missiyasi davom etmoqda.