Oʻzbekiston transport vaziri Qozogʻiston Bosh vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Iyul 2021 954

    Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Qozogʻiston Bosh vaziri Asqar Mamin bilan uchrashdi.

    Tomonlar tranzit va transport sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, xususan, yuk tashish hajmini koʻpaytirish, temir yoʻl va avtomobil transportini rivojlantirish, yirik qoʻshma infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni muhokama qildilar.

    Ikki mamlakat strategik hamkorligi bugun barcha sohalarda, jumladan, tranzit va transport sohasida jadal rivojlanmoqda. Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻzaro savdo hajmini oshirish uchun transport-logistika salohiyatini oshirish choralarini koʻrmoqda.

    2021-yil yanvar-may oylarida tovar aylanmasi 46 foizga oshdi va 1,5 milliard dollarni tashkil etdi. Qozogʻistonning Oʻzbekistonga eksporti 58,4 foizga oʻsdi. Pandemiyaga qaramay, Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida yuk tashishning barcha turlari koʻpaygan.

    Faqatgina 2021-yilning birinchi choragida konteyner tashuvlari 2020-yilning shu davriga nisbatan 57 foizga oʻsib, 233,9 ming YFEga yetdi. Joriy yilning 6 oyida avtomobil transportida yuk tashish hajmi 18 foizga oʻsdi va 1,3 million tonnani tashkil etdi.

    Tomonlar shu yilning 29-iyulidan haftasiga ikki marta yangi “Aqtobe - Nukus” reysini ochishga kelishib oldilar. Ayni paytda Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida haftasiga 32 reys mavjud.

    Uchrashuv davomida tomonlar yirik qoʻshma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish - “Darbaza - Maqtaaral” yangi temir yoʻl liniyasini qurish, “Turkiston - Chimkent - Toshkent” tezyurar magistral yoʻlini qurish va boshqa rejalarni muhokama qildilar.