O‘zbekiston Transport vazirligi delegatsiyasi bugun Hindistonda boshlanayotgan xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda

    12-13-aprel kunlari Hindistonning Mumbay shahrida “Chobahor” dengiz porti (Eron) infratuzilmasidan birgalikda foydalanish bo‘yicha Markaziy Osiyo-Hindiston Qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

    Anjumanda O‘zbekiston transport vazirining o‘rinbosari Jasur Choriyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etadi. Tadbir kun tartibiga “Shimol-Janub” xalqaro transport koridori orqali yuk tashuvlarini jadallashtirish, Hindistonning Javaxarlaʼl Neru nomli (Mumbay) va Eronning “Chobahor” portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari kiritilgan.

    Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi savdo-sotiqni yana-da rag‘batlantirish maqsadida xalqaro yuk tashuv yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, xususan, “Chobahar” porti infratuzilmasidan birgalikda foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston-Eron-Hindiston transport kompaniyasini tuzish hamda O‘zbekiston yuklarini tashish jarayonida imtiyozlar taqdim etish masalalari ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

    Kecha Dehli shahriga yetib kelgan O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Hindistonning «GMR Group» xolding kompaniyasi boshqaruv direktori Rajesh Aurora bilan uchrashdi.

    Muloqot chog‘ida mamlakatimizda transport-kommunikatsiya sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, aeroportlarning joriy holati, ularni yana-da rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli imkoniyatlar va bugungi kunda bajarilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.

    Rajesh Aurora kompaniya rahbariyati tomonidan Markaziy Osiyoda transport-logistika markazini yaratish masalasi o‘rganib chiqilayotganini bildirib, mazkur jarayonda O‘zbekiston aeroportlari imkoniyatlaridan birgalikda samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishi haqida fikr bildirdi.

    «GMR Group» vakili O‘zbekistonda aeroportlarni kengaytirish va ularning infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari bilan tanishish, shuningdek, II Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashish maqsadida aprel oyining so‘ngida mamlakatimiz poytaxtiga safar qilishni rejalashtirayotganini maʼdlum qildi.

    Maʼlumot uchun, «GMR Group» Hindistonning energetika va aeroportlar infratuzilmasini takomillashtirish yo‘nalishlariga ixtisoslashgan qator kompaniyalarni birlashtirgan yirik konglomeratlaridan biri hisoblanadi. Xolding tomonidan Hindistondagi Dehli va Haydarobod, Filippindagi «Mactan Cebu» xalqaro aeroportlarining yo‘lovchi va yuk terminallari qayta qurilgan. Bugungi kunda Goadagi “Greenfield”, Andhra Pradeshdagi “Bhogapuram”, Karnatakadagi “Bidar”, Gretsiyadagi «New Heraklion» xalqaro aeroportlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.