Oʻzbekiston turizm salohiyati Malayziyada taqdim etildi

    Turizm 4 Fevral 2025 510

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Malayziyaga rasmiy tashrifi arafasida 3-fevralda ushbu mamlakatning Penang shtatida “Oʻzbekiston — Buyuk Ipak yoʻli durdonasi” Oʻzbekiston-Malayziya turizm forumi oʻtkazildi.

    Tadbirda Turizm qoʻmitasi rahbariyati, Malayziya va Penang shtati hukumatlarining turizm yoʻnalishi rahbarlari, shuningdek Oʻzbekiston va Malayziyaning turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislari hamda biznes vakillari ishtirok etdilar.

    Forumda Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlari, tarixiy obidalari, madaniy va tabiiy boyliklari haqida taqdimotlar boʻlib oʻtdi. Taqdimotlarda Oʻzbekistonning turizm yoʻnalishlari, shu jumladan, Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarining boy madaniy va tarixiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ikki mamlakatning 100 dan ortiq turizm biznesi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan “B2B” uchrashuvlari doirasida Oʻzbekiston va Malayziya sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalari oʻrnatildi, hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi va turistlar oqimini oshirish boʻyicha oʻzaro kelishuvlarga erishildi.

    Shuningdek, Malayziya sayyohlik kompaniyalari vakillari forum doirasi tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston” fotokoʻrgazmasi orqali soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hududlarida barpo etilgan yangi turizm maskanlari, yangilangan infratuzilmalar va madaniy meros obyektlari bilan tanishdilar.

    Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar yurtimizning boy va rang-barang madaniyati hamda anʼanalarini aks ettiruvchi milliy kuy-qoʻshiqlar va raqslar bilan yaqindan tanishib, oʻzbek milliy taomlaridan tatib koʻrdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.