Oʻzbekiston turizm salohiyati Rossiyaning olis hududlarida targʻib etilyapti

    Turizm 12 Avgust 2024 98

    Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasida “Oʻzbekiston turizm yili” doirasida turli shaharlarida boʻlib oʻtayotgan navbatdagi “Road show” turizm tadbiri Novosibirsk shahrida tashkil etildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi Novosibirsk viloyati Iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Anna Pavlova bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda 2025-2026-yillarda hamkorlik dasturida belgilangan vazifalarni hamkorlikda amalga oshirish, shuningdek, rossiyalik tur operator, bloger hamda OAV vakillari uchun Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylariga info- va press-turlar tashkil etilishiga kelishib olindi.

    “Road show” davomida mamlakatimizning turizm salohiyati, sohada olib borilayotgan ishlar va yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida videorolik, taqdimot va boshqa tarqatma materiallar orqali maʼlumot berildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston va Rossiyaning 35 dan ortiq turizm sohasi vakillari ishtirokida B2B uchrashuvlar tashkil etilib, tadbir yakunida mehmonlar oʻzbek oshxonasining turli taomlari va yurtimizning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.