Anjuman ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Djamshid Abdusalomov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik ikki qardosh davlatning iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlaridan biri ekanligi, turizm sohasida istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish, jumladan, taʼlim, IT, investitsiya va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish, Oʻzbekistonga turk sayyohlarini keng jalb etish va buning uchun Respublikada barcha sharoitlar yaratilganligini taʼkidladilar.
Shu bilan birga, mazkur anjuman ishtirokchilariga mamlakatimizda turizm sohasida yaratilgan imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlar hamda mamlakatimizning turizm salohiyati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar berildi.
Oʻzbekiston va Turkiya davlatlarining turizm industriyasini rivojlantirish, turistlar oqimi va mahalliy aholi daromadlarini oshirish, shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikka qaratilgan qator loyihalar ortidan turizm sohasining turli yoʻnalishlarida amaliy natijalarga erishish mumkinligiga ishonch bildirildi.
Anjuman yakunida mamlakatimiz turizm salohiyatiga oid taqdimot va videorolik namoyishi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.