Maʼlumot uchun: Caspian Energy Club – Kaspiy — Qora dengiz va Boltiqboʻyi mintaqalarida faoliyat yurituvchi dunyoning 50 ta davlatidan 5 000 dan ortiq kompaniya va tashkilotlarni birlashtirgan, Ozarbayjon, Gruziya va Qozogʻistonda rasmiy vakolatxonalariga ega boʻlgan yirik mintaqaviy tashkilot.
Axborot-kommunikatsiya sohalari, farmatsevtika va toʻqimachilik sanoatida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama etildi. Ozarbayjon tomoniga mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazilib, ularning faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik taʼkidlandi. Caspian Energy Club va Oʻzbekiston Xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish agentligi oʻrtasida muntazam konferensiyalar oʻtkazish, shuningdek, Ozarbayjonning IT-kompaniyalari va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari vakillaridan iborat delegatsiyaning qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish uchun tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Axborot hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama etildi. Jumladan, dunyoning 19 davlatida nashr etilib, 50-70 ming nusxada chop etilayotgan Caspian Energy jurnalida Oʻzbekistonda yaratilgan investitsiyaviy imkoniyatlarni keng yoritish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi va mintaqa ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qiziqishi ortib borayotgani munosabati bilan Toshkent shahrida Caspian Energy vakolatxonasini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.









