Qayd etilishicha, 15-may kuni Dashoguzda Oʻzbekiston elchisi Akmaljon Qoʻchqorov viloyat hokimi Soltanmirat Soltanmiradov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muzokaralar chogʻida Xorazm viloyati va Turkmanistonning shimoliy mintaqasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
“Ikki mamlakat oʻrtasida oliy darajada tashkil etilgan ishonchli va doʻstona muloqot, hamkorlikdagi saʼy-harakatlar va mamlakatlarimiz yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar bugungi kunda barcha yoʻnalishlarda faol rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani taʼkidlandi”, – deyiladi nashrlarda.
Qayd etilishicha, muloqot chogʻida Xorazm va Dashoguz viloyatlari oʻrtasida chegara savdo zonasi – savdo markazining tashkil etilishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmining oʻsishiga, shuningdek, chegara hududlari aholisining farovonligini oshirishga xizmat qilishi eʼtirof etildi.
Maʼlum qilinganidek, Dashoguz viloyatidagi Turkmaniston-Oʻzbekiston chegara zonasida savdo markazini qurish boʻyicha qurilish ishlari 2023-yil iyul oyida boshlangan, obyektni ishga tushirish 2025-yil iyul oyiga rejalashtirilgan.
“Transchegaraviy savdo zonalarining ishga tushirilishi Xorazm va Dashoguz viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, shuningdek, aholi farovonligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, – deb yozgan Turkmaniston OAV.