Oʻzbekiston –Turkmaniston hamkorligini faollashtirish xalqlar manfaatlariga xizmat qiladi

    Xalqaro hamkorlik 21 Noyabr 2023 866

    Joriy yil 21noyabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkmanistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Shadurdi Meredovni qabul qildi.

    Uchrashuvda tarixi, anʼanalari, qadriyatlari mushtarak Oʻzbekiston va Turkmaniston hamkorligining keng doirasi, jumladan, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy gumanitar hamda parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

    Davlatlararo munosabatlarda parlament diplomatiyasining oʻrni muhimligidan kelib chiqib, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi. Xususan, ikki mamlakat oʻrtasida erishilgan barcha darajadagi kelishuvlarning parlament nazorati doirasida ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish, qoʻmitalar oʻrtasida qonun ijodkorligi yoʻnalishida oʻzaro tajriba almashish, yosh parlamentariylar oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

    Maʼlumki, ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarda iqtisodiy hamkorlik muhim oʻrin tutadi va 2022-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarni tashkil etdi. Shunga qaramasdan ikkala tomonda ham bu boradagi koʻrsatkichni oshirish uchun yetarli imkoniyat va salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Buning uchun Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiya faoliyatidan samarali foydalanish, shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish lozim.

    Madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida ikki mamlakatda ham madaniyat kunlari tashkil etilyapti. Uchrashuvda ikki xalqning madaniy va maʼnaviy yaqinlashuviga imkoniyat yaratadigan, davlatlararo gumanitar munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan loyihalarni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

    Shuningdek, gender tenglik masalalarida faol hamkorlik olib borish, mamlakatlar oʻrtasida turistik yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.