Oʻyin oldidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov mazkur turnirda Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan jamoa vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida turnirda munosib ishtirok etish hamda jamoa aʼzolarining ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligi, ularga yaratilgan sharoitlar bilan fikr-mulohazalar almashildi.
Shu bilan bir qatorda, uchrashuvda jamoa aʼzolariga koʻp sonli futbol muxlislari hamda assotsiatsiya tomonidan yuksak ishonch bildirilayotgani, Osiyo kubogida boʻlgani singari terma jamoa bu gal ham musobaqada munosib ishtirok etishlari zarurligi alohida qayd etib oʻtildi.
Shuningdek, Islombek Ismoilov jamoa musobaqada bor imkoniyatini ishga solishi, futbolchilar ham turnir darajasini his qilib turganini qayd etdi.
Murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va kelgusi uchrashuvlarga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashildi.
Tibbiy shtabga futbolchilarning sogʻligi, tiklanishi va vitaminizatsiyalash jarayoni, shuningdek, futbolchilarga yuqori darajadagi tibbiy yordam koʻrsatishni davom ettirish haqida masʼullarga koʻrsatma berildi.








