Oʻzbekiston U-17 jahon chempionatida 1/8 finalga yoʻl oldi

    Sport 15 Noyabr 2025 1325

    Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Xorvatiyani penaltilar seriyasida 4:3 hisobida magʻlub etib, jahon chempionati 1/8 finaliga yoʻl oldi.

    Qatarda oʻtkazilayotgan 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi FIFA jahon chempionati 1/16 final bosqichida Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Xorvatiya U-17ga qarshi maydonga tushdi.

    Uchrashuvning 24-daqiqasida Sadriddin Hasanov Sayfiddin Sodiqovning uzatmasidan keyin hisobni ochdi. 80-daqiqada Tino Kusanovich gol urib hisobni 1:1 ga tenglashtirdi.

    Asosiy vaqt durang bilan yakunlangani sababli gʻolib penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda Oʻzbekiston oʻsmirlari 4:3 hisobida zafar quchdi va musobaqaning 1/8 finaliga yoʻl oldi.

    Endilikda Islom Ismoilov shogirdlari 18-noyabr kuni Italiya U-17 terma jamoasiga qarshi bahs olib boradilar.