Oʻzbekiston U-17 termasining Jahon Chempionatidagi guruh bosqichidagi raqiblari maʼlum boʻldi

    Qurʼa marosimidan soʻng, jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov musobaqa va raqiblar haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

    U-17 Jahon chempionati qurʼasi natijalariga koʻra Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Paragvay, Panama va Irlandiya bilan bir guruhdan joy oldi. Qurʼa 25-may kuni Doha shahrida oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston ilk oʻyinni 5-noyabr kuni Paragvayga qarshi oʻtkazadi. 8-noyabr kuni Irlandiyaga qarshi maydonga tushadi, guruh bosqichi 11-noyabr kuni Panama bilan oʻyin bilan yakunlanadi.

    Uchrashuvlarning barchasi Doha shahridagi Aspire zone stadionida boʻlib oʻtadi.

    Qurʼa marosimidan soʻng, jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov musobaqa va raqiblar haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

    «Har uchala raqib ham oʻz mintaqasining kuchli vakillari sanaladi va bu turnirga munosib tarzda yoʻl olishgan. Shu bois har bir oʻyinga alohida va puxta tayyorgarlik koʻramiz.
    Paragvay — Janubiy Amerikaning jismoniy kuch, intizom va texnika uygʻunligi bilan ajralib turadigan jamoasi. Ular hech qachon kurashdan chekinmaydi. Panama esa CONCACAF mintaqasida yildan yilga oʻsib kelayotgan futbol maktabiga ega. Ularning oʻyin uslubi tezlik, qarshi hujum va yuqori pressingga asoslangan. Irlandiya klassik Yevropa futboli vakili boʻlib, kuchli shakllangan oʻyin va intizom bilan ajralib turadi.
    Shubhasiz, guruhdagi barcha jamoalar kuchli. Bu bosqichda oson raqib yoʻq. Ammo biz ham Osiyo chempionlari sifatida ushbu musobaqada shunchaki ishtirok uchun emas, balki istalgan jamoaga qarshi raqobat koʻrsatish, oʻz salohiyatimizni namoyon etish va yurtimiz nomini munosib himoya qilish uchun harakat qilamiz
    Jamoamizda ishonch bor, soʻnggi yillarda katta tajriba orttirgan, bir qator ogʻir bahslardan oʻtgan va endi har bir oʻyinga chuqur tahlil, aniq reja hamda yuksak ruhiy tayyorgarlik bilan chiqadi. Bor eʼtiborimizni raqiblarni chuqur oʻrganishga, iqlim va muhitga moslashishga, shuningdek futbolchilarimizni ruhiy va taktik jihatdan eng yuqori darajada tayyorlashga qaratamiz. Yurtimiz bayrogʻini jahon miqyosida yuqori koʻtarish va futbol muxlislariga quvonch ulashish biz uchun sharafdir», deya taʼkidladi Islombek Ismoilov.