“O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti”

    Pokistonlik yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xonning Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan rivojlanish g‘oyasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan badiiy-publitsistik asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

    11-dekabr kuni Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi “Maʼrifat markazi”ning anjumanlar zalida pokistonlik yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xonning “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Pokiston Prezidentining Axborot masalalari boʻyicha maslahatchisi, matbuot kotibi M.Solangi, Bosh vazirining savdo masalalari boʻyicha koordinatori R.Ihsan, Pokiston teleradiokompaniyasining Yangiliklar boʻlimi katta muharriri, siyosiy tahlilchisi X.Farxana va boshqa yuqori martabali shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, vazirliklar, idoralar, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatib kelayotgan diplomatik korpus hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijodkorlar ishtirok etdi.

    Soʻzga chiqqanlar asarning amaldagi islohotlarga uygʻunligi, mamlakatda kechayotgan ijobiy evrilishlar, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi mushtarak gʻoya hamda birdamlik ruhini alohida taʼkidladi.

    Urdu tilida yozilgan ushbu asar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Uchinchi Renessans gʻoyasining mazmun-mohiyatini badiiy-publitsistik ruhda ochib beradi.

    Muallif konsepsiyaning maʼrifat, tinchlik, muloqot va insoniyatni hamkorlikka chorlovchi yuksak qadriyatlarga tayangan holda qanday global oʻzgarishlar falsafasini ifodalashini chuqur yoritadi. Kitob badiiy-publitsistika janrida yozilgan.

    Hozirda “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobi oʻzbek tilida ham nashr etildi.

    Kitob “Yangi davr tasodifan shakllanmaydi. U, avvalo, shuurimizda uygʻonib, hayotimizda namoyon boʻladi”, degan fikrlar bilan boshlanadi.

    Kitobga Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif ham soʻzboshi yozib, unda asarning bashariyat tamadduni istiqbolini anglashdagi ilmiy-mushohadaviy ahamiyatini alohida taʼkidlagan.

    Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xayrli ish yaxshi niyatdan boshlanadi”, degan soʻzlari muallif tomonidan “Chin maʼnodagi oʻzgarishlar insonning ezgulik va adolatga xizmat qilish istagidan boshlanadi”, deb talqin etilgan hamda kitobning falsafiy asosini tashkil etgan.

    Pokistonlik siyosatchi va ilmiy ekspertlarning fikricha, yozuvchi Muhammad Abbos Xonning ushbu asari va unda koʻtarilgan fikr hamda talqinlar nafaqat Pokistonda, balki Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham yuqori baholanmoqda.