Siz Janobi Oliylari va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi a’zolari hamda taniqli ulamolar nomidan samimiy muborakbod etamiz.

Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt obodligi yoʻlida tunu kun qilayotgan fidokorona mehnatlaringizga Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin, ulkan zafarlar ato etsin!

Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida e’tiboringiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuygʻusini mustahkamlamoqda.

Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib oʻtkazish boʻyicha Davlat rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi.

Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda.

“Inson qadri uchun!” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlaringizning yaqqol tasdigʻi sifatida, joriy yilning 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishdagi tarixiy qarorlaringizni alohida e’tirof etamiz.

Ramazon oyi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard soʻm hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli koʻrilmagan muruvvat namunasi boʻldi.

Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: “Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir”, degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulugʻ hikmati mujassamdir.

Xalq manfaati yoʻlidagi bu gʻamxoʻrlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson boʻlib, millionlab dillar quvonchga toʻlishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, yurtimizga fayzu baraka olib keladi.

Siz Janobi Oliylari tashabbuskori boʻlayotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – moʻminning qalbiga quvonch kiritishdir”.

Ulamolar Allohning nazarida boʻlgan insonlar qalbiga farah bagʻishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq koʻngillarni koʻtarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning ogʻirini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab boʻlishini alohida ta’kidlaganlar.

Yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-ma’rifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Sizning islom ma’rifatiga qoʻshayotgan bebaho hissangiz ifodasidir.

Hurmatli Prezident!

Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak e’tiqodli Yurtboshini Allohning oʻzi yetkazgan.

Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, Sizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.

Alloh taolo Sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon ota va Ma’rifatxon onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga toʻldirsin.

Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni Oʻz rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.

Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon Oʻzbekistonimizni oʻz panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin.

Yuksak hurmat va ehtirom ila,

 

Shayx Nuriddin Xoliqnazar

Shayx Abdulaziz Mansur

Rahmatullo qori Obidov

Homidjon domla Ishmatbekov

Zayniddin domla Eshonqulov

Shayx Rahmatulloh Termiziy

Rahimberdi domla Rahmonov

Shayx Alijon qori Haydarov

Ismoil Muhammad Sodiq

Muhammadbobur domla Yo‘ldashev

Muhammadmin domla Alixonov

Foziljon qori Ubaydullayev

Muhammadayubxon domla Homidov

Habibulloh qori Abdurazzoqov

Abulqosim qori Karimov

Isroiljon qori Ismoiljonov

G‘ulomjon domla Xolboyev

Abduqahhor domla Yunusov

Doniyor domla Ikramov

Abdulloh domla Samatov

Xayrullo domla Abdullayev

Jobir domla Elov

Mehmon domla Jabborov

Habibullo domla Zokirov

Ahmadxon domla Alimov

Mirzamaqsud domla Alimov

Temur domla Atayev

Ubaydulloh domla Abdullayev

Rasuljon domla Abdullayev

Rahmatulloh domla Usmonov

Baxramaddin domla Razov