Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida tibbiy turizm rivojlantiriladi

    Salomatlik 15 Yanvar 2021 3496

    Avval xabar berganimizdek, Afgʻoniston Islom Respublikasi Jamoat salomatligini saqlash vazirligining masʼul xodimlari va shifokorlaridan iborat delegatsiya yurtimizga kelgan edi.

    20 nafar afgʻonistonlik mutaxassisdan iborat delegatsiya mamlakatimizda oʻn kun davomida maxsus oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etdi. Ushbu mashgʻulotlar koronavirus infeksiyasini davolash jarayonida bevosita qatnashgan professional mutaxassislarimiz tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, oʻquv dasturini tayyorlashda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi xodimlarining oʻrni katta boʻldi.

    — Oʻn kun davomida malaka oshirish davomida afgʻonistonlik anesteziolog-reanimatolog, infeksionist, virusolog va laboratoriya shifokorlari ham nazariy, ham amaliy mashgʻulotlarda bilim va malakasini oshirdi, — deydi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibullo Oqilov. — Yurtimizning shoshilinch tibbiy yordam, ftiziatriya va pulmonologiya, gematologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, akusherlik va ginekologiya, pediatriya, xirurgiya, koʻz mikroxirurgiyasi, endokrinologiya, virusologiya kabi qator sohalar boʻyicha tibbiyot markazlari hamda ilmiy-tekshirish institutlarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan mashgʻulotlarda koronavirus infeksiyasini davolash va uning asoratlarini oʻziga xos jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Masalan, bizda COVID-19ga chalingan homilador ayollar, bolalar, boshqa kasalligi bor bemorlar, ayniqsa, onkologiya xastaliklari mavjud fuqarolarni davolashga alohida yondashiladi.

    Bundan tashqari, oʻquv mashgʻulotlari davomida Zangiota tumanidagi 1- va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, mehmonlar koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinikalardagi hamkasblarining faoliyati, mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida bemorlarni davolash va parvarish qilish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi.

    Afgʻonistonlik mutaxassislarga sertifikat topshirish marosimida esa bu kabi malaka oshirish kurslarining davomiy boʻlishi, Oʻzbekistonning nafaqat COVID-19ni, balki boshqa kasalliklarni ham davolashdagi tajribasini oʻrganish haqidagi takliflarini bildirishdi. Shuningdek, yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimining zamonaviy bosqichda ekaniga amin boʻlgan mehmonlar tomonidan ikki mamlakat oʻrtasida tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    — Tibbiyotda tajriba almashish shifokor uchun juda ham muhim. Shu maʼnoda Oʻzbekiston safari bizning faoliyatimizdagi alohida nuqta boʻlib qoldi. Biz uchun yuqori darajada tashkil qilingan mashgʻulotlar uchun minnatdorlik bildiramiz, — dedi delegatsiya rahbari, Afgʻoniston Islom Respublikasi Jamoat salomatligini saqlash vazirligi Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi Muhammad Azim Zmarial Kokar. — Oʻn kun davomida Oʻzbekistonning nafaqat koronavirus kasalligini davolash boʻyicha boy tajribasini oʻrgandik, balki tibbiyotning boshqa sohalaridagi yutuqlari bilan ham tanishdik. Bu yerda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilayotganining guvohi boʻldik.

    Bizning mamlakatimiz bemorlari asosan xorijda davolanish uchun katta mablagʻ sarf qilishadi. Guvohi boʻldikki, yurak, qiziloʻngach, oshqozon, jigar operatsiyalariga muhtoj, neyroxirurgiya va onkologiya yoʻnalishlarida davo choralari koʻrilishi lozim boʻlgan bemorlarimizni Oʻzbekistonga yuborsak boʻlar ekan. Bu borada hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldik.