Oʻzbekiston va AQSH iqtisodiy hamkorlikni oshirishga tayyor

    Xalqaro hamkorlik 18 Oktabr 2022 2175

    Joriy yil 17-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev AQSH savdo vaziri oʻrinbosari Marisa Lago bilan uchrashdi.

    Muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻzbekistonda xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan zarur sharoitlar alohida taʼkidlandi. Ochiq, bozorga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni yaratishga olib kelgan ulkan, keng koʻlamli va salmoqli islohotlarning yuqori natijalari qayd etildi. Oʻzbekiston mamlakatdagi sarmoyaviy muhit va biznes yuritish qulayligi, shu bilan birga kambagʻallikni kamaytirish va adolatli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha xalqaro reytinglarda muvaffaqiyatli yuqoriladi.

    Shu nuqtayi nazardan, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda AQSH kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga koʻpayib, 315 taga yetganligi ilgʻor rivojlanishdan dalolat beradi. Ikki tomonlama Investitsiyaviy bitimni imzolash jarayonini tezlashtirish, Amerika kompaniyalari va moliya institutlarini Oʻzbekistonda togʻ-kon, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish boʻyicha hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollari muhokama etildi. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlashda ijobiy tendensiyani qayd etdilar, bu koʻrsatkich 2021-yilda 53 foizga oshib, qariyb yarim milliard dollarga yetdi va 2022-yil yanvar-avgust oylarida esa yana 8,7 foizni tashkil etdi. Oʻzbekiston-AQSH ikki tomonlama savdo hajmini yanada oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, jumladan, ikki tomonlama mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish jarayonini moliyaviy va texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

    Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonida, AQSH tomonidan, boshqa uslublar qatorida, USAIDning texnik koʻmak loyihasini amalga oshirish orqali har tomonlama qoʻllab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirildi. Tomonlar Oʻzbekistonning ushbu tashkilotga tezroq aʼzo boʻlishi maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

    Muzokaralar yakunida tomonlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik salohiyatini maksimal darajada roʻyobga chiqarish uchun muhokama qilingan barcha masalalar boʻyicha faol va doimiy muloqotni davom ettirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.