Oʻzbekiston va AQSH iqtisodiy sohada oʻzaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish niyatida

    Xalqaro hamkorlik 21 Mart 2022 1503

    Joriy yil 17-18-mart kunlari Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov boshchiligidagi Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi Vashington (AQSH)ga tashrif buyurdi.

    Ikki kunlik tashrif davomida Jahon banki prezidenti Devid Malpass, Bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Anna Berde, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) Boshqaruvchi direktori Maxtar Diop, AQSH savdo vaziri Djina Raymondo, shuningdek, uning birinchi oʻrinbosari Don Greyvs, AQSH savdo vakili Ketrin Tay, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Skott Natan hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) maʼmuri Samanta Pauer bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Olib borilgan muzokaralar doirasida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surishni kuchaytirish, sanoat, energetika, infratuzilmaviy rivojlanish sohalari, bank-moliya sektori va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshimcha investitsiyalar va texnik yordam jalb qilishni nazarda tutgan holda, Jahon banki va XMK bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻtarildi va har tomonlama koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston — AQSH tovar aylanmasini koʻpaytirish va diversifikatsiya qilish, investitsiyalar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat va qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlarida AQSH ilgʻor texnologiyalari va innovatsiyalarini joriy etish, Amerika kompaniyalarini Oʻzbekistonda biznes yuritishga jalb qilish boʻyicha birgalikda ish olib borish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish hamda oʻzaro biznes va savdo missiyalarini tashkil etish boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayoni doirasidagi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.

    Tashrif yakunlari boʻyicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsiyalar va texnologiyalar hamda moliyaviy-texnik yoʻnalishlarida Oʻzbekiston-Amerika hamkorligini yanada chuqurlashtirish borasida qator kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.