Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSH EKSIM-Banki prezidenti Reta Jo Lyuis va Davlat kotibi yordamchisi oʻrinbosari Das Mark Pommershaym soʻzga chiqdi.

Spikerlar oʻz nutqlarida ikki mamlakat rahbariyatlarining siyosiy irodasi, hukumatlar va ishbilarmon doiralarning doimiy hamkorligi natijasida oʻzaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar jadal surʼatlarda rivojlanib borayotganligini taʼkidladilar.

Oʻzbekiston tomoni iqtisodiyot, savdo, sanoatni rivojlantirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash boʻyicha erishilgan muhim yutuqlarni taqdim etdi. Xususan, boshqa faktlar qatorida erkin bozor va sogʻlom raqobat mexanizmlari yaratilgani, tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, energiya resurslari bilan taʼminlash boʻyicha islohotlar amalga oshirilgani, iqtisodiyotda davlat ishtirokining qisqargani va keng koʻlamli xususiylashtirish jarayonlari boshlangani qayd etildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli Oʻzbekiston xalqaro investitsiya doiralari, jumladan, Amerika investorlari oʻrtasida sarmoya kiritish uchun jozibador manzilga aylandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda AQSHning 300 ta kompaniyasi faoliyat yuritadi. Bu 2017-yildagi koʻrsatkichdan ikki baravar koʻpdir. Mamlakatimiz iqtisodiyotining avtomobilsozlik — “General Motors”, qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish J“ohn Deer” , “CNH”, gaz ishlab chiqarish — “Air Products”, qishloq xoʻjaligi — “Silverleafe” va boshqa sohalarida AQSH kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatib kelyapti.

Shu bilan birga, togʻ-kon sanoati, kimyo va energetika sanoati, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi iqtisodiyot tarmoqlari qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida belgilab olindi. Yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etishda katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Ikki davlat oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhimligi, barcha qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda davlat idoralarining har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida global raqobat, taʼminot zanjiri barqarorligini taʼminlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari boʻyicha alohida sessiyalar oʻtkazildi.

Biznes-forum Oʻzbekiston va AQSH vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlarining “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda ishtirokchilar qoʻshma korxonalar tashkil etish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq boʻldilar.

Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xoʻjaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.