Uchrashuvda Aziz Abduhakimov iqlim oʻzgarishi oqibatlari, ayniqsa, iqlim migratsiyasi, chang boʻronlari va iqlim bilan bogʻliq sogʻliq muammolari tobora murakkablashib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida sezilarli ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, nogironligi bor shaxslarning huquqlarini taʼminlash masalasiga taalluqli barcha sohalarda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish choralari koʻrilayotgani alohida qayd etildi.
Yigʻilishda iqlim oʻzgarishining nogironligi bor shaxslarga nomutanosib taʼsiri ham muhokama qilindi. A.Abduhakimov jamiyatimizning muhim boʻlagi boʻlgan nogironligi bor shaxslarning hissasini hisobga olmasdan turib, barqaror rivojlanishga erishib boʻlmasligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida noqulay muhitdan qochish maqsadida nogironligi bor shaxslar sayohat qila olmasligi mumkinligiga eʼtibor qaratildi. Bu yoʻnalishda vazir Oʻzbekiston tashabbusi bilan UNWTOning inklyuziv turizm boʻyicha rezolyutsiyasi qabul qilinganini alohida qayd etdi.
Oʻz navbatida S.Minkara nogironligi boʻlgan shaxslar uchun turizmning inklyuzivligi va undan foydalanish imkoniyatini taʼminlash muhimligini hamda butun mamlakat boʻylab tegishli sharoitlar yaratish zarurligini taʼkidladi. AQSH Prezidentining maxsus maslahatchisi bu borada barcha texnik yordam koʻrsatish, jumladan, turli tadbirlar, seminarlar, treninglar va forumlar oʻtkazish, shuningdek, nogironligi borlarning muammolari haqida aholini keng xabardor qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar AQSH oliy taʼlim muassasalari, Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) hamda Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan hamkorlikda ushbu yoʻnalishda tadbirlar oʻtkazish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.