Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida muhim xom ashyo sohasida anglashuv memorandumi imzolandi

    Mazkur memorandum Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekistonning oʻsha saʼy-harakatlarni ilgari surish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi dastlabki odimlaridan biri boʻldi.

    2024-yil 16-sentyabr kuni Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi oʻrinbosari O.Nasritdinxodjayev hamda AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik foydali qazilmalar boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muhim xom ashyo sohasida (CRM) oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.

    2023-yil sentyabrda Nyu-York shahrida yuqori darajada boʻlib oʻtgan sammitda davlatlar rahbarlari foydali qazilmalar boʻyicha muloqotni boshlash niyatida ekanliklari haqida eʼlon qildi.

    Mazkur memorandum Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekistonning oʻsha saʼy-harakatlarni ilgari surish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi dastlabki odimlaridan biri boʻldi.

    Kelishuvdan koʻzlangan maqsad mamlakatlar oʻrtasida muhim xom ashyo sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, boshqa yoʻnalishlardagi aloqalarni ham rivojlantirishdan iborat.

    Ushbu hujjat muhim xomashyo sohasida AQSH – Oʻzbekiston muloqotining davom etishiga, geologiya qidiruv, qazib olish va yuqori qiymatli mahsulot zanjirini yaratish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.

    Bundan tashqari tadbir doirasida 2024-yil 24 – 26-sentyabr kunlari Nevada shtati Las-Vegas shahrida boʻlib oʻtadigan togʻ-kon sanoatidagi eng yirik global tadbir – “MINExpo INTERNATIONAL” koʻrgazmasida ishtirok etuvchi Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari bilan suhbat oʻtkazildi.