Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati muhokama etilib, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini faollashtirish va ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilandi.
Amerika tomoni AQSH Kongressining GSP imtiyozlar tizimi dasturini faollashtirish va yangilash boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi va Oʻzbekistondan eksportni diversifikatsiya qilish jarayonida GSP rolini eʼtirof etdi. Elchi Tay Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi.
Raqamli savdoni rivojlantirish maqsadida qonunchilikni uygʻunlashtirish masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.
Amerika tomoni Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha qatʼiyat bilan harakat qilayotganligini hamda Oʻzbekistondagi savdo rejimini JST qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Ketrin Tay Oʻzbekistonni intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va taʼminlash sohasidagi barqaror ijobiy oʻzgarishlar tufayli Maxsus 301 kuzatuv roʻyxatidan chiqarilgani bilan tabrikladi. Tomonlar bu borada yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanganidek, oshkoralik va oʻzaro maslahatlashuv yanada samarali meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, notarif toʻsiqlarning oldini olish va kamaytirish, xalqaro savdo majburiyatlariga rioya etilishini qoʻllab-quvvatlash uchun zamin yaratadi, shuningdek, iqtisodiyotning uzoq muddatli barqarorligini oshirish va investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.