Vazir mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Oʻzbekiston Avstriya bilan ikki tomonlama kun tartibida ham, Yevropa Ittifoqi doirasida ham har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Muloqotda soʻnggi yillarda tomonlarning konstruktiv hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga intilishi natijasida erishilayotgan ijobiy surʼat mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Turli daraja va shakllarda boʻlajak muloqotlarga har tomonlama va sifatli tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Afgʻonistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, uning mintaqaviy va xalqaro barqarorlikka taʼsiri yuzasidan fikr almashildi. Insonparvarlik inqirozining oldini olish maqsadida jahon hamjamiyatining mamlakatga insonparvarlik yordami koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlarini faollashtirish hamda birlashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Avstriya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar federal vazirligi oʻrtasida 2022-2023-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Avstriya ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.