Oʻzbekiston va BAA hamkorligining amaliy jihatlari koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 30 Yanvar 2024 869

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva joriy yil 29-yanvarda Birlashgan Arab Amirliklari Raqobatbardoshlik kengashi raisi, Hukumat ishlari vazirining raqobatbardoshlik va bilim almashinuvi boʻyicha oʻrinbosari Abdulla Nosir Lyutani qabul qildi.

    Oʻzbekiston bilan BAA oʻrtasida koʻp qirrali aloqalarni, jumladan savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2022-yilda 2,1 barobarga oshgan boʻlsa ($518,6 million), 2023-yilda esa 2022-yilga nisbatan qariyb 21%ga oʻsgan ($625,9 million), BAA ishtirokidagi korxonalar soni 300 taga yetdi.

    Suhbat davomida bu borada Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning faoliyatini yanada kuchaytirish orqali savdo koʻrsatkichlarini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.

    Uchrashuvda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, hamda raqamli texnologiyalar yoʻnalishlarida birgalikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, bu yil Oʻzbekistonda Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili deb eʼlon qilingani munosabati bilan aynan yoshlar bilan ishlash, yaʼni, ularning taʼlim olishi, bandligini taʼminlash, qator ilgʻor zamonaviy sohalarda oʻtkaziladigan tadbirlarda yoshlar ishtirokini taʼminlash, bir soʻz bilan aytganda yoshlarining har tomonlama rivojlanishini taʼminlash sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish yoʻllari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.