Oʻzbekiston va BAA ilm-fan muassasalari oʻrtasidagi aloqalar yanada jadallashadi

    Xalqaro hamkorlik 6 Noyabr 2023 1080

    Birlashgan Arab Amirligidagi Muhammad Bin Zoid nomidagi gumanitar fanlar universiteti delegatsiyasi amaliy safar bilan Oʻzbekistonda boʻldi.

    BAA ilm-fan vakillari safar davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot davomida yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada, xususan, islom dini merosini qayta tiklash, maʼrifiy islom gʻoyasini xalqaro miqyosda keng targʻib etish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi. Uchrashuv yakunida oʻzaro aloqalarni yanada jadallashtirish maqsadida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Muhammad Bin Zoid nomidagi gumanitar fanlar universiteti delegatsiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati bilan muzokara oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – BAA oʻrtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. BAA tomoni yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Uchrashuv yakunida tomonlar oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

    Imzolangan hujjatlarga muvofiq, tomonlar qoʻlyozma va elektron kitoblar almashish, madaniy tadbirlar oʻtkazish, oʻquv dasturlar ishlab chiqish va mahorat darslari tashkil etish, akademik nashrlar va ilmiy hujjatlar almashish, qoʻshma rahbarlik ostida dissertatsiyalar yozish hamda doktorantlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish masalalarida hamkorlik qiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.