Muzokaralar chogʻida tomonlar koʻp qirrali hamkorlikning hozirgi holati va uni kengaytirish imkoniyatlarini, shuningdek, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirishda erishilgan yutuq va natijalarni muhokama qildilar.
Shu nuqtayi nazardan barcha kelishilgan yoʻnalishlar doirasida yangi sohalar va yangi mavzular boʻyicha qoʻshma seminarlar, treninglar va boshqa tadbirlarni oʻtkazishga kelishildi. Shuningdek, tomonlar ushbu hamkorlik dasturini kengaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish uchun birgalikda ishlashda davom etadi.
Birlashgan Arab Amirliklari tomoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy taʼminotni ommalashtirishga katta eʼtibor qaratilayotganligini alohida qayd etdi. Eslatib oʻtamiz, 2020-yilning dekabr oyida oʻtkazilgan Yoshlar forumi davomida Davlat rahbari tomonidan keyingi ikki yil mobaynida 300 ming talabani dasturlash asoslari boʻyicha bepul oʻqitish topshirilgan edi. Tomonlar ushbu tashabbusni roʻyobga chiqarishning amaliy jihatlarini va navbatdagi tadbirlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Jumladan, sanoat va turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekistondan Birlashgan Arab Amirliklariga yangi uzilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini koʻpaytirish boʻyicha Birlashgan Arab Amirliklari Iqtisodiyot vazirligining takliflari ustida ish olib borilayotganligi maʼlum qilindi. Oʻzbekiston tomoni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda aniq loyihaviy takliflarni ishlab chiqishni boshlaganligini va ularni kelgusida BAA tomoniga taqdim etishini maʼlum qildi.
Videokonferensiya yakunida ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalaridagi dolzarb masalalarni zudlik bilan hal etish yuzasidan hamkorlikni faollashtirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.