Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yoʻllari koʻrib chiqildi

    Hukumat 15 Iyun 2021 3103

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Koʻp qirrali Oʻzbekiston-BAA munosabatlarini yana-da kengaytirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Davlatimiz rahbari oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi natijasida mamlakatlarimizning oʻzaro manfaatli va samarali hamkorligida erishilgan bugungi darajani yuqori baholadi.

    Muhammad al-Gargaviy, oʻz navbatida, davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Xalifa Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Uchrashuvda muqobil energetikani rivojlantirish va energetika obyektlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish, tadbirkorlikka oid tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash uchun investitsiya kompaniyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha loyihalar hamda qator muhim ijtimoiy dasturlar izchil amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

    Davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish va malakali mutaxassislar tayyorlash, bugun Toshkent shahrida ochilgan Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori ofisining faoliyatini tashkil etish borasida birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

    Vazir Muhammad al-Gargaviy BAA investorlarining mamlakatimizdagi faoliyatiga koʻrsatilayotgan har tomonlama koʻmak uchun, shuningdek, Oʻzbekiston “Dubay Ekspo 2021” butunjahon koʻrgazmasini qoʻllab-quvvatlayotgani va unda ishtirok etishga tayyorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

    Amirliklar tomoni Oʻzbekiston Prezidentining Orolboʻyi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish tashabbusini amalga oshirish doirasida yangi loyihaviy taklifini taqdim etdi.

    Uchrashuv yakunida Amirliklarning davlat boshqaruvi, uzoq muddatli yangilanishlar dasturini shakllantirish va innovatsion taraqqiyot yoʻliga oʻtish borasidagi ilgʻor tajribasini keng joriy qilishga qaratilgan qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.