Oʻzbekiston va BAA regbi federatsiyalari hamkorlik memorandumini imzoladi

    Sport 17 Sentabr 2021 897

    Ertaga Toshkentda regbi-7 boʻyicha 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida Osiyo chempionati start oladi.

    Bugun musobaqa boshlanishidan avval Oʻzbekiston va BAA regbi federatsiyalari oʻrtasida oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.

    MOQda boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev, Qoʻmita raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vazirining oʻrinbosari Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, BAA regbi federatsiyasi prezidenti Shayx Muhammad bin Maktum bin Juma Al Maktum, Osiyo regbi federatsiyasi prezidenti, BAA regbi federatsiyasi vitse-prezidenti Qays Abdulla Al Dxalay ishtirok etdi.

    Tomonlar dastavval tor doirada oʻzaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda qatnashdilar.

    «Avvalambor, Sizlarni yurtimizda koʻrib turganimizdan bagʻoyat xursandmiz. Sportchilarimiz Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida umumjamoa hisobida 32, Paralimpiya oʻyinlarida esa 16-oʻrinni egallashdi. Turizm va sport vazirligi bilan yurtimizda sogʻlom turmush tarzi va professional sportni rivojlantirish boʻyicha hamjihatlikda faoliyat olib boramiz. Rejalarimiz orasida regbi sportini yurtimizda yanada rivojlantirish maqsadi bor, albatta», – dedi MOQ rahbari.

    Shuningdek, suhbatda har ikki mamlakat oʻrtasidagi samimiy aloqalarni sport sohasida ham rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish kabi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

    Uchrashuvdan soʻng MOQ Majlislar zalida har ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash tadbiri boʻlib oʻtdi.

    “Biz birgalikda ulkan rejalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Rivojlanish yoʻlida oʻzaro tajriba almashishimiz juda muhim. Birgalikda mana shunday hamkorlikni yoʻlga qoʻyayotganimizdan mamnunmiz. Ishonamizki, dini, madaniyati oʻzaro tutashgan har ikki tomon bundan manfaatdor va xursand”, – dedi Sodiq Safoyev.

    Tadbir yakunida Al Maktum janoblari ham ushbu hamkorlikdan mamnun ekanligini, mamlakatimizga amalga oshirgan ilk tashrifi unda iliq taassurot qoldirayotganini alohida aytib oʻtdi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.