Soʻnggi yillarda oliy darajada oʻzaro ishonchga asoslangan muloqot yoʻlga qoʻyilgani tufayli Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi darajaga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanib boryapti. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar ortib, 2022-yilda 500 million dollardan oshdi. Joriy yil boshidan beri bu koʻrsatkich yana 37 foizga (346 million dollar) oʻsdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun qonunchilik darajasida birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan hukumatlararo komissiyaning 10-majlisini oʻtkazishga hozirlik koʻrilyapti. Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning huquqiy jihatlariga koʻmak berish yuzasidan fikr almashildi.
Maʼlumki, hududlar forumi tufayli mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasida hamkorlik aloqalari rivojlanib boryapti. Shu nuqtayi nazardan ushbu tadbirni oʻtkazish amaliyotini davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni ilgari surishdan, shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani alohida qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, madaniy-gumanitar aloqalar ham muvaffaqiyatli rivojlanyapti, ikki mamlakat vakillari har ikki davlatda tashkil etilayotgan madaniyat kunlarida, jumladan turli festival va tanlovlar, sport tadbirlarida faol ishtirok etyapti. Ikki davlat ilmiy tashkilotlarida yosh olimlarning qisqa muddatli amaliyotini oʻtkazishni davom ettirish lozimligi aytib oʻtildi.
Muloqot yakunida ayollarni tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga, IT sohaga, biotexnologiyaga faol jalb etish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarning qoʻshma rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish masalasini koʻrib chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.