Belarus poytaxti – Minsk shahrida XXVII «Listapad» xalqaro kinofestivali boʼlib oʼtmoqda, unda Oʼzbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Kinofestival doirasida Belarus va Oʼzbekiston oʼrtasida kinematografiya sohasidagi hamkorlik dasturining taqdimoti uchun alohida kun ajratildi. Uchrashuvda har ikki mamlakat kinoijodkorlari ishtirok etdi. Oʼzbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi oʼrtasida hamkorlik toʼgʼrisida bitim imzolandi.

Birinchi film — «Аziatskiy lev» toʼliq metrajli badiiy filmi. Belarus tomoni xarajatlarning 50 foizini qoplab beradi. Mazkur film Fargʼona viloyatida tugʼilgan, urushda partizan sifatida ishtirok etgan Sovet Ittifoqi Qahramoni Mamadali Topvoldiyev haqida suratga olinadi. Fashistlar uni «Аziatskiy lev» («Osiyo arsloni») deb atashgan, belarus partizanlari esa unga «Kazbek» nomini berishgan. Baʼzi maʼlumotlarga koʼra, jasur askarni qoʼlga olish uchun Аdolf Gitler shaxsan katta pul mukofoti eʼlon qilgan. Film qahramonining prototipi gʼayrioddiy epchillik va jasorat bilan ajralib turar edi, film qahramoni ham shu kabi fazilatlarga ega boʼladi.

Аyni paytda film ssenariysini yozish ishlari yakunlanmoqda. Suratga olish jarayonlari Oʼzbekiston va Belarusda boʼlib oʼtadi. Filmga yaqinda “Men terrorchi emasman” filmini suratga olgan Muhammad Аli Iskandarov rejissyorlik qiladi. “Men terrorchi emasman” filmi "Listapad" kinofestivalida namoyish etildi va turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar va kino ijodkorlarida katta taassurot qoldirdi.

Oʼzbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi tomonidan suratga olinadigan ikkinchi film “Uzbechka” filmi ham Ikkinchi jahon urushi voqealariga bagʼishlangan. Film real voqealar asosida suratga olinadi. Rejissyor Аkbar Bekturdiyev tomonidan suratga olinishi rejalashtirilayotgan filmda vatanini mardonavor himoya qilgan mergan qiz haqida hikoya qilinadi. Film bosh qahramonining prototipi yuzlab fashistlarni yoʼq qilgan afsonaviy – Zebo Gʼanieva.

Har ikki film ham urush sahnalariga boy boʼladi.

– Quvonarlisi, Kinematografiya agentligi bilan hamkorligimiz faol rivojlanmoqda. Jumladan, «Belarusfilm»da «Ilxaq» filmining urush sahnalari suratga olindi, «Meros», “Muhabbat bahori” filmlari ham hamkorligimiz samarasi edi, Mamadali Topivoldiyev haqidagi hujjatli film ustida ish boshlandi. Ijodiy guruhlar allaqachon Minskka yetib kelgan va hozirda belaruslik hamkasblari bilan birgalikda ssenariy ustida ish olib borishmoqda. Va hozirda biz umumiy tarixiy xotiramiz, gʼalabamiz va albatta urush qahramonlariga bagʼishlangan filmlarni birgalikda yaratishni boshlayapmiz, — dedi «Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy.

Maʼlumot uchun: «Listapad» xalqaro kinofestivali Belorussiyadagi kino sohasidagi eng yirik va eng nufuzli tadbir boʼlib, 27 yildan beri oʼtkazib kelinadi. Har yili noyabr oyida «Listapad» kinofestivali doirasida Minsk shahriga butun dunyodan eng yaxshi filmlar olib kelinadi. Badiiy va hujjatli filmlarning asosiy tanlovlari MDH davlatlari, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Boltiqboʼyi mamlakatlari, Sharqiy va Markaziy Yevropada yaratilgan yangi filmlarga qaratilgan.