O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

    Xalqaro hamkorlik 25 Aprel 2022 1719

    24-aprel kuni O'zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hukumat rahbarlari o'rtasida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar o'tkazildi. Muzokaralar O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Belarus Respublikasi bosh vaziri Roman Golovchenko tomonidan olib borildi.

    Uchrashuv davomida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Vazir O'zbekiston–Belarus qo'shma ilmiy loyihalar tanlovlari doirasida amalga oshirilgan 15 ta loyihalar yakuniga etkazilib, hozirda tijoratlashtirish bosqichidan o'tayotganini ta'kidladi. Shuningdek, qo'shma tanlovlarning 2-turi doirasida jami 2 mln. AQSh dollari qiymatidagi 30 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilganini aytib o'tdi. Bundan tashqari, so'nggi 3 yil davomida 200 nafar yosh olimlar va tadqiqotchilarning Belarus ilmiy-tadqiqot institutlariga stajirovkalarini tashkil etishga muvaffaq bo'lindi.

    Muzokaralar doirasida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Belarus Milliy fanlar akademiyasi o'rtasida memorandum hamda 2022–2023 yillar uchun ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi imzolandi. Hujjatlarni Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari Shaxlo Turdiqulova hamda Belarus Milliy akademiyasi Prezidiumi raisining birinchi o'rinbosari Sergey Chijik hamda Belarus Respublikasi Ilm-fan va texnologiyalar Davlat komiteti o'rinbosari Sergey Sherbakov imzoladilar.

    Ikki davlat o'rtasidagi ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi doirasida tomonlar qo'shma ilmiy loyihalarni qo'llab quvvatlashni davom ettirish, ilmiy tadbirlarni tashkil etish, olimlarning malakasini oshirish, ilmiy infratuzilmani rivojlantirish va texnologiyalar transferini amalga oshishga kelishdilar. Belarus Milliy akademiyasi bilan memorandum doirasida esa ikki davlat ilmiy jamoalarining turli shakllardagi hamkorligini kengaytirish, olimlar va tadqiqotchilarning o'zaro almashinuvini yo'lga qo'yish, ilmiy ma'lumotlar bilan almashish, hamkorlikda nashriy faoliyatni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadbirlarni qo'llab quvvatlash ko'zda tutilgan.

    Ta'kidlash joizki, O'zbekiston va Belarus bilan ilmiy hamkorlik doirasida Toshkent temir yo'llar transporti muhandislari instituti hamda Toshkent Texnik universiteti bazasida ikkita qo'shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etilgan. O'nlab o'zbek olimlari Belarus Milliy Fanlar akademiyasi institutlarida tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi «Yashnabod» va Belarus Milliy texnik universitetining «Politexnik» texnoparki o'rtasida hamkorlik o'rnatilgan bo'lib, qo'shma startap loyihalarni rivojlantirish nazarda tutilgan.

    O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohalaridagi hujjatlar ikki davlat o'rtasidagi ilmiy hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga, o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.