Oʻzbekiston va Belarus parlamentlari oʻrtasidagi aloqalar samarali davom ettiriladi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Sankt-Peterburg shahrida Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokara chogʻida ikki davlat oʻrtasida parlamentlararo muloqotni samarali davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

    Tomonlar oʻtgan yili imzolangan Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga imkon berganini taʼkidladilar.

    Ushbu Memorandumni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikdagi amaliy choralar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish yuzasidan fikr almashildi.

    Unda oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar ijrosini birgalikda monitoring qilish mexanizmini takomillashtirish, parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish hamda yoshlar parlamentlarining rolini mustahkamlash kabi masalalarni aks ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Tanzila Narbayeva Natalya Kochanovani rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga taklif etdi.