Oʻzbekiston va Belarus savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligi mustahkamlanadi

    Xalqaro hamkorlik 12 Avgust 2020 330

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Belarus Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Subbotin bilan telekonferensaloqa orqali muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va uni yana-da mustahkamlashning istiqbollari, shuningdek, har ikki mamlakat hukumatlari tomonidan pandemiya bilan bogʻliq global inqiroziy hodisalarning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhokama qilindi.

    Savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida har ikki mamlakat vazirliklari va idoralari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlik qayd etildi – hozirgi vaqtga qadar savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, shuningdek, ikki tomonlama tovar aylanmasining nomenklaturasi va hajmini kengaytirish boʻyicha birgalikda olib borilgan ishlarda ahamiyatli yutuqlarga erishildi.

    Ikki davlat hududlari orqali yuklarni toʻsiqlarsiz tashishni taʼminlash boʻyicha tezkor choralar koʻrilishini nazarda tutgan holda oʻzaro savdoning barqaror oʻsishini qoʻllab-quvvatlash uchun har ikki mamlakat hukumatlarining bor imkoniyatlarni ishga solishga sodiqligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, hozirgi iqtisodiy vaziyatda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi tovar aylanmasi hajmini oshirishga imkon beradigan tarif va notarif tartibga solish usullarini birlashtirishning aniq mexanizmlari koʻrib chiqildi.

    Muzokaralar yakunida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha joriy masalalar ustida ish olib borish doirasida faol hamkorlikni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati