O'zbekiston va BMT: hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari

    2 mart – O'zbekiston BMTga teng huquqli a'zo sifatida qabul qilingan kun!

    Oxirgi bir necha yil barcha sohalarda amalda oshirilgan ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlar, tub islohotlar va bu borada erishilgan ulkan yutuqlar miqyos jihatidan mustaqil O'zbekiston tarixida misli ko'rilmagan hodisa bo'ldi va xalqaro munosabatlar, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarda yangi davrni boshlab berdi. Ayni paytda, muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan muhim tashqi siyosiy tashabbuslar natijasi o'laroq, xalqaro maydonda keng miqyosdagi yuksak natijalarga erishilmoqda.

    Ma'lumki, zamonaviy xalqaro munosabatlar ularda ko'p tomonlama diplomatiyaning roli ortib borayotganligi bilan ham xarakterlanadi. Ko'p tomonlama diplomatiya xalqaro hayotning Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) faoliyati bilan bog'liq ko'plab muhim jabhalarini qamrab oladi. O'tgan qisqa davrda O'zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining belgilovchi asosiy yo'nalishlaridan biri — hamkorlikni mustahkamlash maqsadida BMT bilan sherikligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi.

    Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabr` kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimo e'tiborimiz markazida bo'ladi”.. Kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Inson huquqlari bo'yicha ta'lim” global forumi, yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Butunjahon yoshlar anjumani, diniy erkinlik masalalari bo'yicha mintaqaviy konferentsiyalarni o'tkazamiz. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul` – Xalqaro do'stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. SHu bois ushbu sanani O'zbekistonda “Xalqlar do'stligi kuni” deb belgilashni taklif etaman... Qo'shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta'sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat'iy davom ettiramiz. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o'rmon va butazorlar tashkil etilayotgani, Orolbo'yi hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonchilik ishlari xalqimizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo'yi mintaqasida inson xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ko'p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz...”, deb alohida ko'rsatib o'tganligi O'zbekistonning BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarida yangi tendentsiyalarni namoyon qildi.

    BMT xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan, davlatlar xalqaro hayoti va hamkorligining barcha yo'nalishlarida faoliyat ko'rsatadigan betakror, tarixan muhim va universal tashkilotdir. Ma'lumki, bundan 29 yil oldin, 1992 yil 2 mart kuni yangi suveren davlat —O'zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosiga aylandi. SHundan buyon biz o'z masalalarimizni hal etishda har doim BMTning ko'magiga tayanib kelmoqdamiz.

    Dunyoda kechayotgan hozirgi globallashuv jarayoni insoniyat taraqqiyotiga ijobiy ta'sir ko'rsatish bilan birga, o'zida turli tahdid va xavf-xatarlarni ham namoyon etmoqda. Ana shunday sharoitda davrimizning eng obro'li xalqaro tuzilmasi — BMT bilan tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlash yo'lida samarali hamkorlik qilish xalqimizning tub milliy manfaatlariga to'liq mos keladi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqi O'zbekiston—BMT munosabatlarining yangi bosqichini boshlab berdi. Prezidentning sessiyada so'zlagan nutqida, “Biz qat'iy ishonamiz, BMT bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o'rin tutadi” degan fikri respublikamizning tashqi siyosiy pozitsiyasini izohlab berdi. Mazkur mustahkam siyosiy-diplomatik pozitsiya davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarda yana bir bor o'z ifodasini topdi.

    Hozirgi kunda O'zbekistonda BMTning o'ndan ortiq dasturlari, jamg'armalari va agentliklari, bir qator ixtisoslashgan muassasalari faoliyat olib bormoqda. O'z navbatida Nyu-York shahrida Doimiy vakolatxona va Jeneva shahridagi BMT bo'linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxona faoliyat olib bormoqda. O'zbekiston keyingi yillarda BMTning Jenevadagi bo'limi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirmoqda. O'zbekiston BMTning Bosh Assambleyasi va boshqa ixtisoslashtirilgan muassasalari faoliyatidagi o'z ishtirokini ham faollashtirdi.

    Mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar, BMTning Diniy e'tiqod bo'yicha, Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi bo'yicha maxsus ma'ruzachilarining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo'ldi.

    Ta'kidlash joizki, 2020 yil 13 oktyabr` kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida O'zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga — 2021-2023 yillarga saylanishi va a'zo sifatida Kengashning dastlabki uchrashuvida birinchi marta ishtirok etishi olamshumul va tarixiy voqelikdir. Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning Inson huquqlari bo'yicha kengashning 46-sessiyasida so'zlagan nutqida ilgari surilgan tashabbuslar bevosita O'zbekiston va BMT doirasidagi ikki tomonlama hal etiladigan masalalar bilan birgalikda, mintaqaviy va global darajada keng xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilishi talab etiladi. Ushbu nutqda belgilab berilgan yangi vazifalar Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi hamda Oliy Majlisga yo'llangan Murojaatnomasidagi vazifalar bilan hamohangdir.

    Shu tariqa O'zbekiston hamda BMT o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlik muvaffaqiyat bilan ravnaq topmoqda. Bundan keyin ham O'zbekiston Respublikasining jahondagi yirik xalqaro tashkilot BMT bilan munosabatlari tenglik va manfaatli sheriklik asosida rivojlanib boraveradi.

    Shuhrat RAXMANOV,

    Adliya vazirligi qoshidagi YUristlar

    malakasini oshirish markaqzi dotsenti,

    yuridik fanlar nomzodi