O'zbekiston va BMT: istiqbolli hamkorlik yo'lida

    2022-yil 30-mart kuni Toshkent davlat yuridik universitetining Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birgalikda “Oʻzbekiston va BMT: istiqbolli hamkorlik yoʻlida” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Oʻzbekiston oyligi” doirasida oʻtkazilgan ushbu anjuman mamlakatimiz BMTga aʼzo boʻlganining 30 yilligiga bagʻishlandi.

    Konferensiyada YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakillari, Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasining Markaziy Osiyodagi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakillari ishtirok etdi.

    Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda boshqa bir qator manfaatdor tashkilot va muassasalar vakillari qatnashdi.

    Konferensiyada Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi 30 yillik hamkorlik davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonning zamonaviy xalqaro huquqdagi roli va tashabbuslari, xalqaro va milliy huquqiy tizimlarining oʻzaro bogʻliqligi, BMT Xalqaro sudi faoliyatini takomillashtirish masalalari, YUNISEF va Oʻzbekiston hamkorligi, inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsmanning oʻrni kabi xalqaro huquqning dolzarb masalalari xususida atroflicha soʻz bordi.

    Ilmiy-amaliy anjuman yakunida bildirilgan xulosa va takliflar mamlakatimizda xalqaro huquq va inson huquqlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Inson huquqlari boʻyicha
    Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining
    matbuot xizmat