Hujjat Oʻzbekiston adliya vazirining oʻrinbosari Muzraf Ikramov va Buyuk Britaniya Intellektual mulk idorasi bosh direktori Adam Uilyams tomonidan imzolandi.
Ikki tomonlama uchrashuv joriy yil 9–17-iyul kunlari boʻlib oʻtayotgan Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga aʼzo davlatlar Bosh assambleyasi yigʻilishining 65-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar davomida Britaniya tomoniga Oʻzbekistonda intellektual mulk sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etishda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Tomonlar intellektual mulkning korxonalar va mamlakatlarning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga koʻmaklashishdagi muhim rolini eʼtirof etdilar.
Mazkur memorandum bir qator yoʻnalishlarni, jumladan, ekspertiza jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish boʻyicha tajriba almashish, intellektual mulk sohasida kadrlarni tayyorlash, intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish boʻyicha hamkorlik qilish kabi sohalarni qamrab oladi.
Hujjat imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va uch yil davomida amal qiladi.