Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlantiriladi

    Xalqaro hamkorlik 26 Yanvar 2024 700

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva London shahrida Buyuk Britaniya Parlamentining Lordlar palatasi spikeri Jon MakFoll bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi siyosiy-diplomatik muloqotni kengaytirish, parlament diplomatiyasini faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarga yangi tus berish hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muzokaraning asosini tashkil etdi.

    Dastavval, keyingi yillarda Oʻzbekistonda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jamiyatni yanada demokratlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.

    Suhbat chogʻida davlatlarimiz oʻrtasida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga ustuvor masala sifatida qaralishi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish mamlakatlarimiz uchun manfaatli ekani, bunda Oʻzbekiston-Britaniya investitsiya forumi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylangani alohida taʼkidlab oʻtildi.

    Oʻzaro investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari oʻrtasidagi aloqalar koʻlamini kengaytirish, taʼlim, texnologiyalar sohasida hamkorlikni kuchaytirish borasida ikki davlat parlamentlari imkoniyatlaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

    Buyuk Britaniya va Oʻzbekistonda, umuman, jahonda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda parlamentlararo muloqotni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Xususan, qonunlarni qabul qilish, parlament nazoratini amalga oshirish yoʻnalishlarida tajriba almashish, oʻzaro aloqa va yaqin munosabatlarni mustahkamlash uchun ikki mamlakat parlamentlari aʼzolarining tashriflarini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari, doirasida konstruktiv hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.