Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda

    Xalqaro hamkorlik 23 Noyabr 2021 1692

    Joriy yil 22-noyabrda Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha savdo komissari, Buyuk Britaniyaning Istanbul shahridagi Bosh konsuli K.Poleo bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Britaniya hamkorligining keng koʻlamli masalalari muhokama qilindi. Siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishning faol dinamikasi qayd etildi.

    Oʻzbekiston Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar bosh tizimi Kengaytirilgan sxemasi (GSP EF)ning benefitsiar mamlakati maqomini olgani bunga yaqqol dalil boʻla oladi. Ushbu qadam ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish va rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshishi taʼkidlandi.

    Muloqot chogʻida tomonlar GSP EF benefitsiarining imtiyozli maqomidan samarali foydalanish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni koʻrishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. Oʻzbekiston ushbu maqomga ega boʻlishi munosabati bilan Buyuk Britaniya bilan oʻzaro savdoni koʻpaytirishning yangi imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirish maqsadida mamlakatmiz vazirliklari, idoralari va ishbilarmon doiralari uchun tematik seminarlar oʻtkazishga kelishib olindi.

    Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashning muhim omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini bir-biriga yaqinlashtirish boʻyicha birgalikdagi ishlarni faollashtirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston–Britaniya Kengashining samaradorligi qayd etildi va uning negizida ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida bevosita aloqalarni yoʻlga qoʻyishga xizmat qiluvchi doimiy platforma sifatida Oʻzbekiston-Britaniya ishbilarmonlar Kengashini tashkil etish istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, moliyaviy-texnik hamkorligi sohasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Jahon banki bilan birgalikda “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyotni samarali boshqarish” (EGED) dasturi doirasida Oʻzbekistonda iqtisodiy islohotlarni ilgari surishda navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish borasida yaqin muloqotda boʻlib turishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.