Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Parlamentlararo hamkorlik, inson huquqlarini himoya qilish, xavfsizlikni taʼminlash, atrof muhitni muhofaza qilish, gender tenglikni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini, shu jumladan, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti mintaqaviy platformasi doirasida ham kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Oʻzbekistonning GSP+ dasturiga kiritilgani doirasida inson va mehnat huquqlarini himoya qilish, atrof muhitni, iqlimni muhofaza qilish va samarali boshqaruvni taʼminlash bilan bogʻliq 27 ta muhim xalqaro konvensiyani samarali amalga oshirish boʻyicha majburiyatlar muhokama qilinayotgani alohida taʼkidlandi. Ushbu majburiyatlarning bajarilishi Yevropa Ittifoqi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va Oʻzbekistonning xalqaro bozorlarga integratsiyalashuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini muhokama qilar ekan barqarorlik hamda doimiy rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy hamkorlik muhimligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan rejalarni amalga oshirish boʻyicha faol muloqot olib borish hamda birgalikda ishlarni davom ettirish haqida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.