Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar yaqinda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) sammiti hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammiti davomidagi ikki Davlat rahbarlarining oʻzaro muloqotlari Oʻzbekiston-Eron munosabatlarini yanada faollashtirishga turtki berganini, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish yoʻlida birgalikda harakat qilishga sodiqligini taʼkidladilar.
Muzokarada investitsiyaviy hamkorlik sohasiga eʼtibor qaratilib, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo va yengil sanoat sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani taʼkidlandi. Yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish boʻyicha hamkorlarni izlab topish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Oʻzaro savdo sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston-Eron savdo aylanmasining ijobiy dinamikasi, jumladan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida oʻzaro savdo hajmi 74,4 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasi ustida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yaqin kelajakda qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 14-yigʻilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston bilan Eron oʻrtasida investitsiyalar, sanoat, savdo va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.