Oʻzbekiston va Eron xotin-qizlar tashkilotlari oʻrtasida amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

    Xalqaro hamkorlik 14 Mart 2024 1038

    Nyu-York shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva Eron Islom Respublikasining Xotin-qizlar va oila masalalari boʻyicha vitse-prezidenti Ensiyo Xazaliy bilan uchrashdi.

    Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tuzilmalar doirasida sherikchilikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama etildi.

    Oliy darajadagi, shuningdek, ikki davlat hukumatlari va parlamentlari oʻrtasidagi faol oʻzaro aloqalar mamlakatlarimiz ayollari oʻrtasidagi hamkorlik uchun muhim platforma yaratayotgani alohida qayd etildi.

    Ikki tomonlama hamkorlik doirasida xotin-qizlar tashkilotlari oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-maʼrifiy hayotdagi ishtirokini oshirish, jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻshma loyihalar asosida birlashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Xususan, ilmiy muassasalar oʻrtasida oila va xotin-qizlar muammolarini oʻrganish boʻyicha hamkorlik qilish hamda Oʻzbekiston va Eronning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida talaba qizlar uchun almashinuv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.