Oʻzbekiston va Estoniya elektron hukumatni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlamoqda

    Raqamlashtirish 15 Aprel 2021 613

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasining ijrochi direktori X. Astok bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari O.Pekos ishtirok etdi.

    Uchrashuvda taʼkidlaganidek, bugungi kunda Estoniya elektron hukumatni joriy etish va rivojlantirish boʻyicha Yevropa hamda dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, Boltiqboʻyi davlatining tajribasi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish uchun juda muhimdir.

    Uchrashuv doirasida mamlakatimiz oʻrtasida elektron hukumat va raqamli rivojlanish yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jumladan davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlarni koʻrsatishda elektron almashinuv mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuv yakunida, tomonlar oʻzaro hamkorlikning asosiy masalalari va yoʻnalishlarini aks ettiradigan memorandum imzolash orqali sheriklik aloqalarini mustahkamlash istagini bildirdilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.