BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori idorasi a'zolari hamda tegishli vazirliklar, idoralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o'tkazilgan davra suhbati FAO va O'zbekiston o'rtasida imzolangan 2021—2025-yillarga mo'ljallangan Mamlakat hadli dasturini rasmiy ishga tushirilishiga bag'ishlandi.
Barqaror rivojlanish bo'yicha milliy ustuvor vazifalarga muvofiq, FAO 2030-yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish bo'yicha kun tartibini amalga oshirish yuzasida hukumatni qo'llab-quvvatlash va qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlarining qiymat zanjiri bo'ylab oziq-ovqat tizimlarining barqarorligiga erishishga yordam berish majburiyatini olgan.
Mamlakat hadli dasturi (MHD) qishloq, o'rmon xo'jaligi va baliqchilikda yetishtiriladigan, shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy va tabiiy muhit oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, tarqatish va iste'mol qilish tizimini isloh qilishga qaratilgan. Uni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag' taxminan 17 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Tadbir davomida FAOning Markaziy Osiyo bo'yicha Sub-mintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu va FAOning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Sherzod Umarov kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida rejalashtirilgan dasturlar va tadbirlarni milliy hamda xorijiy hamkorlar e'tiboriga havola etdilar.
Strategik ustuvor yo'nalishlardan biri — aholi salomatligi va farovonligiga olib keladigan inson kapitalini inklyuziv rivojlantirishdir. 2025-yilga kelib, yoshlar, ayollar va aholining zaif qatlamlari hayot kechirish uchun zarur mablag'larni, munosib ish joylarini topishda keng qamrovli imkoniyatlarga ega bo'lishi kutilmoqda. Bunday imkoniyatlar inklyuziv va adolatli iqtisodiy o'sish hisobiga yaratiladi.
Yana bir ustuvor yo'nalish — bu barqaror rivojlanish va iqlim o'zgarishlarini hisobga olgan holda rivojlanishdir. Kutilayotgan natijalarga ko'ra, kelgusi besh yil ichida O'zbekistondagi eng xavfli mintaqalarning iqlim o'zgarishi va tabiiy ofatlarga chidamlilik darajasi o'sadi. Bundan tashqari, tabiiy resurslar va infratuzilmani tobora barqaror va gender jihatidan samarali boshqarish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish bo'yicha faol harakatlar, atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatini inklyuziv boshqarish hisobiga qo'shimcha foyda olinadi.
— Bu yil O'zbekiston FAOga a'zo bo'lganligining 20 yilligi nishonlanmoqda, — deydi FAOning Bosh direktori o'rinbosari hamda Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin. — Bu davrda hamkorligimiz muttasil rivojlanib bordi va 2020-yilda O'zbekiston raisligida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha Mintaqaviy konferensiyasining muvaffaqiyatli o'tkazilishi alohida voqelik bo'ldi. Biz yaqin yillarda hamkorligimizni yanada rivojlantirishga umid qilamiz.
O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi delegatsiyasining 2021-yilda Budapeshtga rasmiy tashrifi doirasida Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xo'jaev FAO Bosh direktori o'rinbosari Vladimir Raxmanin va FAO Sub-mintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu bilan uchrashdi. Tomonlar o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga umumiy intilish mavjudligini bildirdilar va hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini muhokama qildilar.
Yangi Mamlakat hadli dasturining ishga tushirilishi bilan birga O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi va FAO o'rtasida bir qator yo'nalishlarda yangi loyiha shartnomalari imzolandi.
COVID-19ga javoban O'zbekistonda kartoshkachilik tarmog'ini tiklash va rivojlantirish, geografik ko'rsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash, sholi ekinlarini ishlab chiqarish va boshqarishni qo'llab-quvvatlash, inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash, qishloq xo'jaligini raqamlashtirish kabilar shular jumlasidandir. Yangi loyihalar 2023-yilgacha amalga oshiriladi va ularning umumiy qiymati deyarli bir million dollarni tashkil etadi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston FAOga 2001-yilda a'zo bo'lgan va FAOning yurtimizdagi vakolatxonasi 2014-yilda tashkil etilgan.