O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida kooperatsiya izchil rivojlanyapti

    Biznes 14 Yanvar 2022 1141

    Toshkentda Fransiyaning «Schiever» kompaniyasiga qarashli «bi1» chakana savdo do‘konlari ochildi.

    Fransiyalik hamkorlar mamlaktimizda amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlarga katta qiziqish bilan qaryati. Bugun O‘zbekistonda Fransiyaning ko‘plab yirik kompaniyalari faoliyat olib boryapti. Ular orasida «Airbus», «Total Eren», «Orano», «Suez», «Veolia», «Renault», «Carrefour» va boshqalar bor.

    Kecha Toshkent shahrida Fransiyaning «Schiever» kompaniyasi tarkibidagi chakana savdoga ixtisoslashgan «bi1» do‘konlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboev, Fransiyaning Toshkentdagi elchisi Oreliya Bushez va «Schiever» kompaniyasi prezidenti Vinsent Pik shuningdek, Toshkent shahar va Chilonzor tuman hokimliklari vakillari ishtirok etdi.

    O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi mazkur loyiha mamlakatimiz rahbarining chet elda istiqomat qiluvchi hamyurtlarimizga e'tiboridan ruhlangan, Fransiyada istiqomat qilayotgan vatandoshimizning sa'y-harakatlari natijasida amalga oshirilganini ma’lum qildi.

    Aytib o‘tish joizki, «bi1» chakana savdo do‘konlari yevropa sifati andozalari asosida ish olib boradi. Ushbu tarmoq mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulot sifatini xalqaro standartlar asosida yetkazish, shuningdek, mahalliy brendlarni rivojlantirish imkonini ham beradi. Eng muhimi, «bi1» do‘konlari mahalliy aholiga arzonligi bilan qulaylik yaratishi barobarida ish bilan ta’minlash manbalaridan biri bo‘ladi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.