Oʻzbekiston va Gambiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi

    Xalqaro hamkorlik 19 Mart 2024 422

    Shu yil 14-martda Nyu-York shahrida Oʻzbekiston va Gambiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike imzolandi.

    Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjatni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Gambiyaning BMTdagi doimiy vakili Lamine Dibba imzoladi.

    Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan idoralari doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirdilar.

    Ikki tomonlama hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Shu tariqa, Gʻarbiy Afrikada joylashgan Gambiya Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan 148-davlat boʻldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    2024-yil 6-martda Nyu-York shahrida Oʻzbekiston va Beliz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma kommyunike imzolangan edi.

    Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil 20-dekabrda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Gambiya tashqi ishlar, xalqaro hamkorlik va chet eldagi gambiyaliklar ishlari boʻyicha vaziri Mamadu Tangara bilan uchrashgan edi. Muloqot chogʻida tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.