Oʻzbekiston va Germaniya parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlaydi

    Xalqaro hamkorlik 10 Fevral 2022 1340

    2022-yil 10-fevralda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Germaniyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Tilo Klinner bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston – Germaniya munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari, parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish takliflari muhokama qilindi.

    Germaniya elchisi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar muhimligini, ularning aniq natijalarga erishishga, huquqiy sohani isloh qilishga va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlashga, shuningdek, qulay investitsiya muhitini yaratish va yanada rivojlantirish, xorijiy investorlar va sheriklarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga yoʻnaltirilganini taʼkidlab oʻtdi.

    Tomonlar parlamentlararo hamkorlik muhimligini qayd etib, yaqin oʻzaro hamkorlikka va tajriba almashishga, turli darajadagi parlament delegatsiyalarining tashriflarini muntazam tashkil etishga, shuningdek, Oʻzbekiston va Germaniya parlamentlari doʻstlik guruhlari va qoʻmitalari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.